Yog'ochli Sardoba

Tarixiy Me'moriy Yodgorlik

Audio Ma'lumot va Tavsif

Tinglash uchun bosing

Yogʻochli sardoba (Ogʻochli) — Sirdaryo viloyati, Sardoba tumani, Fayziobod MFY hududida M-39 avtomagistral yoʻli yoqasida joylashgan meʼmoriy yodgorlikdir. Davriyligi oʻn oltinchi asrga borib taqaladi. Shuningdek, u Mirzachoʻlda mavjud boʻlgan 3 ta sardobadan biri va viloyatda shu turdagi yagona inshootdir. Yogʻochli sardoba oʻrta asrlarda "Xudoysera" deb ham atalgan. Hozir unga nisbatan "Ogʻoch" nomi ham qoʻllanadi. Obyekt davlat muhofazasiga olingan.

Yogʻochli sardoba haqidagi ilk maʼlumotlar Hofiz Tanish al-Buxoriyning „Abdullanoma“ asarida keltirilgan. Unga koʻra, oʻzbek xoni Abdullaxon Toshkentga harbiy yurishi chogʻida shu hududda hordiq chiqarish uchun toʻxtab, suvsizlikdan qiynalgan askarlari uchun karvonsaroy va sardoba qurishni buyuradi.

Manbalarga koʻra, Yogʻochli sardoba oʻn oltinchi asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan. Taxminlarga koʻra, uning gʻishtlari Samarqand shahrida yoki hozirgi Gʻallaorol tumani hududida quyilib, pishirilib, olib kelingan.

Yon-atrofdagi suvlar insonlar tomonidan qazilgan irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar oʻrnatilgan boʻlib, ular bir-birlari bilan halqasimon tarnov harorati orqali bogʻlangan.

Tarixiy manbalarga asosan, ichki hovuzlar 2 ta boʻlgan. Bu hovuzlarda quduq boʻlib, doimiy muzday suv bilan taʼminlanib turilgan. Keyinchalik 1 ta hovuz yopilib ketgan va hozirda 1 ta hovuz qolgan. Sardoba hovuzi loyqalanib, inshootni ishdan chiqarmasligi uchun uning oldida kattagina suv tindirgich — ochiq hovuz qurilgan. Atrofdan oqib kelgan qor va yomgʻir suvlari avval suv tindirgichda toʻplanib, undan loyqa hovuz tubiga choʻkkan, soʻngra toza suv sardobaga quyilgan. Suv tindirgichga chorva mollari kirib, ifloslamasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan oʻralgan.

Tarixchilarning yozishicha, sardoba yaqinida karvonsaroy bilan birga bogʻ-rogʻlar boʻlgan, sardobaga kirish qismidagi oʻziga xos yoʻlakning tepasida xizmatchilar va qoʻriqchilar uchun maxsus xona boʻlgan.

Obyekt Davlat Muhofazasida
XVI asr me'morchiligi (Abdullaxon II)
Fayziobod MFY, M39 yo'li 67 236-57-15
Havoladan nusxa olish (Ulashish)